Yangiliklar
Agentlik vakillari Tbilisida “Pioneering Progress” sammitida ishtirok etdilar
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (Agentlik) vakillari 2024 yil 10-11 may kunlari raqamli moliya, tartibga solish dinamikasi, sun’iy intellekt va telekommunikatsiya texnologiyalari barqarorligi masalalariga bag‘ishlangan “Pioneering Progress” (Tbilisi, Gruziya) sammitida ishtirok etdilar.
Sammitda Shveytsariya, Qozog‘iston, Gruziya, Ozarbayjon va boshqa davlat idoralari va xususiy sektor vakillari qatnashdi.
Xususan, Gruziyaning Iqtisodiyot va barqaror rivojlanishi vaziri o‘rinbosari G. Arveladze va Gruziya Milliy banki raisi vazifasini bajaruvchi N. Turnava, “Tether” kompaniyasining bosh ijrochi direktori Paolo Ardonio, shuningdek, yirik kripto-kompaniyalar vakillari so‘zga chiqdi.
Panel muhokamalarida barqaror tokenlar, sun’iy intellekt, telekommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ulardan foydalanish, shuningdek kripto-aktivlar bozorini tartibga solish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlash joizki, sammit ishtirokchilarida Agentlik delegatsiyasi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasida kripto-aktivlar aylanmasini tartibga solish tajribasi alohida qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston tajribasi sammitning barcha ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi, xalqaro ekspertlar esa MDH davlatlari orasida O‘zbekiston kripto-sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ko‘p jihatdan yetakchi ekanligini alohida ta’kidladi. Xususan, O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida qonunchilik bazasi shakllantirilib, banklar va kripto-kompaniyalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu esa, o‘z navbatida kripto-sanoatini rivojlantirish uchun katta salohiyat yaratishi ta’kidlab o‘tildi.
Ma’lumot uchun: 2024 yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va “Tether” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. Hujjatga ko‘ra, tomonlar O‘zbekistonda blokcheyn texnologiyasini, barqaror tokenlarni va aktivlarni tokenizatsiya qilishni rivojlantirish, shuningdek, mamlakatda iqtisodiy o‘sish va innovatsiyalarni rag‘batlantirishda hamkorlik olib boradi.